01/04/2019
Bakalavr diplomi bilan Xitoyda ishlash mumkinmi?
2010-yillardan boshlab Xitoy universitetlari xorijlik talabalar qabul qilishni sekin astalik bilan oshirib bordi. Bu davr mobaynida hukumat granti bilan mukofatlangan xorijlik talabalar soni ham oshdi.
Bugungi kunga kelib, Xitoy universitetlarida 492,800 nafar xorijlik talabalar tahsil olmoqda. 2018-yili dunyoning 180 davlatidan kelgan 58,700 nafar talabalar Xitoy hukumati granti bilan taqdirlangan. 58,700 nafar grant g’oliblaridan 40,800 nafari bakalavriat talabalaridir.
Shu o’rinda qiziq bir savol tug’iladi. Bu talabalar universitetni tamomlaganidan so’ng Xitoyda ishlash huquqiga egami?
Avvalgi Xitoy qonunlariga ko’ra xorij talabalari bu yurtda ishlash huquqiga ega bo’lish uchun ikki yillik ish tajribasiga ega bo’lishi majburiy edi.
Ammo, 2018-yilning Yanvar oyidan Xitoy hukumati oliygoh bitiruvchilarga yangi qulayliklar yaratish maqsadida bu qonunga o’zgartirishlar kiritdi. Oliy Ta’lim vazirligi va Tashqi Ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra bakalavrni tamomlagan xorijlik talabalar endilikda hech qanday ish tajribasiga ega bo’lmasdan ham Xitoy hududida ishga kirishlari mumkin bo’ladi.
Bo’sh ish o’rinlariga hujjat topshiruvchilar sog’lom bo’lishi, muqaddam sudlanmagan va universitetni «B» (100 ballik sistemadan 80 ball) bilan tamomlagan bo’lishi talab etiladi. Shuningdek, xorijlik ishchilarning oylik maoshi ushbu davlatning o’rtacha ish haqqidan kam bo’lmasligi ham ta’kidlab o’tilgan.