Mezana

Mezana

Share

MEZANA ilm markazi

29/09/2023

❗️ Mezana ilm markazi faoliyatini to‘xtatdi!

Toshkent shahridagi Mezana ilm markazi faoliyati ayrim sabablarga ko‘ra to‘xtatildi. Qariyb ikki yillik faoliyati davomida markazimizda minglab o‘quvchilar tahsil olishdi. Ilk o‘quvchilardan tortib bugungacha markazimizda o‘qiyotgan barchaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Sizga manfaatli ilm ulasha olgan bo‘lsak, bundan g‘oyat mamnunmiz.

Shuningdek, jamoamizda bo‘lgan va biz bilan yelkama-yelka turgan barcha ustozlar hamda jamoaning boshqa a’zolariga ham tashakkur aytamiz.

Hozirda markazimizda tahsil olayotgan o‘quvchilar orasida kurslar uchun bir necha oylik to‘lovni oldindan amalga oshirganlar bo‘lsa, administratorlarimizga bog‘lanishlarini so‘raymiz. Keyingi oylar uchun to‘lagan pullaringiz qaytarib beriladi. Shu o‘rinda avvalgi oylardan qarzdorligi bor o‘quvchilarimiz ham mavjud qarzdorliklarini yopishlarini so‘rab qolamiz.

Cheksiz hurmat bilan Mezana ilm markazi jamoasi

22/08/2023

Bola tarbiyasidagi 8 xato va unga yechimlar

Har bir ota-ona farzandining kelajakda yaxshi inson bo'lishi uchun harakat qiladi. Uning yaxshi ta'lim olishi, odob-axloqli bo'lishi uchun mehnat qiladi. Lekin shunday holatlar borki, ota-onalar to'g'ri qilyapman deb o'ylashadi, aslida esa ba'zi tarbiya usullari ijobiy natija keltirmaydi. Quyida ota-onalar farzand tarbiyasida yo'l qo'yadigan 8 xato haqida so'z yuritamiz.

1. Shikoyat qilish

Farzandingiz ko'chada o'ynab yurganida uning o'rtoqlari, futboldagi jamoadoshlari yoki do'stlarining ota-onalari bolangizdan shikoyat qilishlari mumkin. Siz esa darrov boshqalarning yonini olib farzandingizni koyishga shoshilmang. Nega bunday qilganini, uning ustidan shikoyat qilishlariga nima sabab bo'lganini so'rang. Rostan ham bolangizdan xato o'tgan bo'lsa buni o'ziga tushuntiring va boshqa bunday qilmasligi kerakligini uqtiring. Buni samimiy va yaxshi so'zlar bilan aytmasangiz, bolaning sizga nisbatan muhabbatiga putur yetishi, "men haq bo'lsam ham ota-onam baribir begonalar tomonda bo'lar ekan" degan xayolga borishi mumkin. Shu sabab ushbu masalada ehtiyotkorlikni yoddan chiqarmang.

2. Injiqlik

Bola sizning qaroringizdan norozi bo'lib o'yinchoqlarini otib yuborsa, arzimagan narsaga yig'lasa bu albatta sizning jahlingizni chiqarishi mumkin. Ammo vaziyatga bola nazari bilan qarang va uni tushunishga harakat qiling. Agar uning bu harakatlari sababini o'rganmay turib uni koyisangiz, bolada o'zi qilgan harakat emas uning o'zi yomon ekani haqida tasavvur paydo bo'ladi. Ya'ni bola "mening shu qilgan ishim yomon ekanda" deb emas, "demak men yomon ekanman" degan fikr tug'iladi. Bu esa uning o'ziga bo'lgan ishonchi va bahosiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bundan tashqari bola o'zini "men yomon ekanman" deb o'ylamasa ham "mening his-tuyg'ularim, o'y-xayollarim ota-onam uchun qiziq emas ekan" degan tasavvurga borishi ham mumkin. Sezganingizdek, bu ham bolaning kelajagida salbiy ta'sirga ega bo'ladi. Shu sabab yuqoridagi kabi holatlarda bolaning nega bunday qilayotganini o'rganish va unga aynan shu qilayotgan "qiliqlari" yaxshi emasligini chin dildan tushuntirish lozim.

3. Hammaga yoqishing kerak!

Ko'pchilik ota-onalar farzandining ustozlari, do'stlari va atrofdagi kishilar bilan yaxshi munosabatda bo'lishini istaydi. Ya'ni "ustozing nima desa ham bajar", "o'rtoqlaring bilan janjallashma", "ko'chada hammani hurmat qil" va hokazo vazifalarni yuklashadi. Bola esa hammaga yoqish va ota-onasining roziligini olish maqsadida haddan tashqari itoatkor bo'lib qoladi. Sinfdoshlarining manfaatlarini o'zidan ustun qo'yishni boshlagan bola ularga vazifalarini ko'chirishga berishi yoki do'stlarining uyga vazifalarini bajarib berishi mumkin. Bu esa nafaqat farzandingiz, balki uning do'stiga ham zararlidir. Demak bu vaziyatda siz farzandingizni har qanday holatda "xo'p bo'ladi" deyishga emas, atrofdagilarga foydasi tegadigan ishlarni rad etmasdan bajarishini, kattalarni hurmat qilishi kerakligni, tengdoshlari yoki boshqa kimdir nohaq gap aytsa uni to'g'rilashini va doimo o'z fikri bo'lishi kerakligini uqtirishingiz kerak.

4. Faqat yaxshi bahoga o‘qishing kerak!

Ota-onalar farzandining yaxshi baholarga o'qishini istaydi. Ayrimlari hattoki har bir "besh" uchun farzandini mukofotlaydi. Lekin aslida bola a'lo baholarga o'qishiz kerakmi o'zi? Yoki yaxshi o'qishi kerakmi? Baho nisbiy tushuncha. Har doim ham bolaning "besh" yoki "uch" baholari uning iste'dodi va bilimini to'liq ifodalab bera olmaydi. Shuning uchun farzandingizga a'lo baholar olishini emas, ustozlari tomondan berilgan bilimlarni to'liq va mukammal o'rganishini tayinlashingiz lozim. Aksariyat bolalarda baho uchun o'qish degan tushuncha bor. Yaxshi baho olish aslida unchalik qiyin emas, ammo shu bahoga munosib bilimga ega bo'lish qiyin. Shu sababli ota-onalar farzandidan yuqori baho emas, yuqori ilm, yaxshi xulq va keng dunyoqarashni kutishlari to'g'riroq bo'ladi.

5. Bolaga eng qimmatini olib berish kerak

Istalgan ota-ona farzandiga eng yaxshi o'yinchoqlarni olib berishni xohlaydi. Chunki bu kabi sovg'alardan bolaning ko'zlari quvonchga to'ladi. Buni ko'rish esa har bir ota-ona uchun haqiqiy baxt demakdir. Lekin mutaxassislarning fikricha ota-onalar bolasiga kelganda keragidan ortiqcha pul sarflaydi. Ehtimol siz bolalikda o'zingiz o'ynamagan o'yinchoqlarni farzandingiz o'ynashini xohlarsiz yoki shunchaki ularning xursand bo'lishini istarsiz. Ammo bu quvonchni pulga sotib olishga urinishdek gap. Bolada hamma o'yinchoqlar va eng yaxshi, qimmat buyumlar bo'lsa, bu undagi e'tiborga muhtojlikni oshiradi, doimiy ana shunday sovg'alar olishga o'rganadi, o'zini tengdoshlaridan ko'ra bir pog'ona yuqoriga qo'ya boshlaydi. Bundan tashqari kelajakda vazifasi bir xil ammo narxi har xil bo'lgan nimanidir sotib olishga kelganda, keraksiz tarzda pul sarflab, qimmatini oladi va tejamkorlikni unutadi. Shuning uchun siz bu borada bolaga o'rnak bo'lishingiz kerak. Bolaning istaklariga qarshi chiqish kerak emas, albatta. Ammo har qanday o'yinchoq, buyum yoki shu kabi narsalarning ham tejamkorroq varianti bo'ladi. Ana shularni xarid qilish orqali siz nafaqat bolangizdagi salbiy xislatlar shakllanishining oldini olasiz, balki uni pul bilan muomala qilishga o'rgatgan bo'lasiz.

6. Jazolash bu — bolani nimadandir mahrum qilish

Aksariyat ota-onalar bolani jazolash deganda uni nimadandir mahrum qilishni tushunishadi. Kimdir sho'xlik qilgan farzandining sevimli o'yinchog'ini olib qo'ysa, yana kimdir televizor ko'rmaslikni, futbol o'ynamaslikni jazo deb biladi. Natijada esa bola arazlab, xonasiga berkinib oladi, ovqat yeyishni istamaydi va hokazo. Buning natijasida bolada "Kim kuchli bo'lsa, nimanidir tortib olishga kuchi yetsa, demak, shuning aytgani to'g'ri bo'lar ekan" degan tushuncha hosil bo'ladi. Buning oldini olish uchun esa boshqacharoq jazo qo'llagan ma'qul. Masalan, farzandingiz matematikadan "ikki" oldi. Siz esa uni do'stlari bilan o'ynamasligini aytmoqchisiz. Aslida esa u oqsayotgan fan bo'yicha unga yordam berishingiz, qo'shimcha darslarga yuborishingiz kerak.

7. Bola bo‘sh qolib ketmasin

Albatta, bekorchilik yaxshi emas. Shu sababli ota-onalar farzandining bo'sh vaqtini unumli o'tkazishi uchun sportga yoki turli to'garaklarga berishadi. Lekin bu ham xato. Bolani bo'sh qolib ketmasligi uchungina suzishga yuborish yaramaydi. Avvalo bolaning shunga qiziqishi bormi, u qaysi jihatda iste'dodliroq yoki qaysi jihatlarda ortda qolyapti — ana shularni aniqlab olish kerak.

8. Bolalar o'yinchog'ini boshqalarga berishga majbur

Bolani qizg'anchiq bo'lmasligi to'g'ri yo'l. Lekin bu hali oq-qorani yaxshi bilmaydigan darajadagi bola uchun emas. Ya'ni katta farzandingiz ukasi yig'lagani uchun o'zining sevimli o'yinchog'ini unga berishi shart emas. O'zingiz o'ylab ko'ring: ertayu kech siz bilan birga bo'ladigan, hech qo'lingizdan tushmaydigan telefonni kimdir "menga bersin" deb xarxasha qilgani uchungina berib yuborish yoqarmidi? Albatta yo'q. Bolalar ham shunday. Ular ham buni xohlashmaydi va siz buni kuch yoki qo'rqitish bilan amalga oshirsangiz, bu uning ruhiyati va xarakteriga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Xo'sh unda nima qilish kerak? Bolaga baham ko'rishni o'rgating. O'yinchog'ini ukasi yoki do'sti bilan birga o'ynashini, taomini birgalikda yeyishini uqtiring. Ana shunda bolani salbiy xayollardan asrabgina qolmay, undagi adolat, do‘stlik haqidagi tasavvurlarni ham rivojlantirgan bo'lasiz.

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!

15/03/2023

🌙 Allohning rahmati yog'iladigan, gunohlar kechirilib, mo'minlar qalbi xursandchilikka to’ladigan Ramazon oyi kirishi munosabati bilan AzonTV onlayn telekanali barcha reklamalarga 50 %lik chegirma e'lon qiladi!

❕Bu hali hammasi emas!
Alloh bergan keng moddiy imkonlaridan yaxshilik yo’lida foydalanmoqchi bo’lib turgan aziz tadbirkorlarimizni ko`rsatuvlarimizga homiylik qilishga chaqiramiz. Zero, Islom ma’rifati xalqimiz o’rtasida keng tarqalishiga hissa qo’shish ham ajri tuganmas yaxshiliklardandir.

🗓 Ana shunday ezgu maqsaddagi biznes egalariga mazkur muborak oy davomida imzolaydigan 3 oydan 1 yilgacha bo'lgan shartnomalar uchun ham 50 %lik chegirmalar taqdim qilamiz.

Ramazon – yaxshilik va savob ishlarda musobaqalashish oyidir!

Murojaat uchun:

Tel: +998 97 769 66 66

25/02/2023

Namoyishga chiqqan bolalar yoxud yo‘qotilayotgan avlod

Kecha bir guruh yoshlar – asosan, maktab o‘quvchilaridan tashkil topgan bolalarning Chilonzor tumani ko‘chalari bo‘ylab qilgan "yurishi" ijtimoiy tarmoq va jamoatchilik faollarining diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, ayrim jurnalist, bloger va boshqalar bolalarning bu ishini yoqlab chiqdi. Emishki, ular PUBG bo‘yicha yurtimizda mashxur bo‘lgan tengdoshlaridan birining tarafini olib ushbu namoyishga chiqishibdi. Namoyish-ku, boshqa masala. Bu bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar shug‘ullandi va rasmiy bayonotda aytilishicha, bolalarning hammasi kechaning o‘zida "uy-uyiga kuzatib qo‘yilgan".

Biz e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan jihat esa, bolalarning PUBG o‘yiniga mukkasidan ketgani masalasidir. Buni kimlardir kibersport rivoji, shu orqali O‘zbekistonning nomini yanada tanitadigan omil sifatida qabul qilmoqda. Go‘yoki, mamlakatni dunyoga tanitishning boshqa yo‘li yo‘qdek...

Bolalarning ushbu harakati ularning "zombi"ga aylanib qolganidan, ongida, tarbiyasida bo‘shliq yuzaga kelganidan dalolat berib turibdi. Negaki, ularning aksariyati IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan "Aslamboy" degan bolani tuzukroq tanimaydi ham. Lekin u uchun ko‘chama-ko‘cha namoyishga chiqdi. Shu o‘yinni o‘rniga kitob o‘qisa, ilm yo‘lidan ketsa bo‘lmasmidi desak, kimlargadir erish tuyulishi mumkin. Lekin bir haqiqat bor – najot faqatgina ilmda!

Balki ishonmassiz, ammo bu bolalarning ixtiyori o‘zida emas! Ular hayotining mazmuniga aylantirgan o‘sha virtual o‘yini ta’sirida yuribdi. Nega? Chunki yozuvchi Akrom Malik ta’biri bilan aytganda, ularning qalblari bo‘m-bo‘sh, aqllari huvillab yotibdi. Achinarlisi esa ayrim ziyolilar ham ularni olqishlamoqda.

Tasavvur qiling, shu bolalar PUBG chi bo‘lib voyaga yetdi. Keyin nima bo‘ladi? Kun kelib shu o‘yini yoki texnologiyalari yo‘q bo‘lib qolsa, nima qiladi? Lekin agar ilm o‘rgansa, hunar egallasa, uni hech qachon hech kim tortib ololmaydi. Shunday ekan, farzandingiz ertaga o‘zi tanimagan-bilmagan odamini himoya qilib, hayotini smartfonga bag‘ishlashini istamasangiz, uning tarbiyasi, axloqi bilan shug‘ullanib, miyasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishingiz lozim.

Bugun "Aslamboy" deb ko‘chaga chiqqanlar uning ishqibozlaridir. YouTube orqali uning o‘yiniga qiziqishgan xolos. Ularning ko‘chama-ko‘cha hayqirib yurishini erkinlik deb ta’riflayotganlar yo erkinlikning darajasini bilmaydi yoki ular ham ishqiboz. Sababi o'sha YouTube blogerida kibersport bo‘yicha qandaydir bilimlar bordir, kuchlidir, lekin uni qo‘llayotganlarning aksariyati shunchaki muxlis. Yana qaytaramiz, ularning qalbi, ongi bo‘sh qolgan va o'sha bo'shliq blogerning videolari bilan to‘ldirilmoqda. Buning oldi olinmasa, bolalarda o‘taketgan fanatizm shakllanishi, ehtimolki, mutlaqo ilmsiz avlod voyaga yetishi mumkin.

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!

Photos from Mezana's post 09/02/2023

Qardoshlik kulfatda bilinadi...

6-fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida sodir bo‘lgan kuchli zilzila bizga qardosh bo‘lgan turk xalqining boshiga og‘ir musibat keltirdi. Dastlab 7,4 (ba’zi manbalarda 7,9) magnitudali yer silkinishi keyin ham yana bir necha bor takrorlandi va hozirga kelib zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 16 mingdan oshdi. Bu esa nafaqat Turkiya xalqi uchun, balki biz uchun ham qayg‘uli holat bo‘ldi.

O‘zbek xalqida “Do‘st safarda bilinar, og‘a-ini kulfatda” degan gap bor. Shu nuqtai nazardan ushbu musibatli kunlarda bizning ham bevosita, ham ruhan beradigan ko‘magimiz turk xalqi bilan og‘a-iniligimiz, qardoshligimiz, o‘zaro aloqalarimizni yanada mustahkamlashi shubhasizdir. Zero, turk xalqi o‘zbekistonliklarni o‘zlarining ajdodi, O‘zbekistonni esa ota yurti deb biladi. Ularning xalqimizga bo‘lgan mehri va hurmati cheksiz. Bugun ularning boshiga musibat yetdi. Sodir bo‘lgan zilzila oqibatida uylarning vayron bo‘lishi, havoning sovuqligi ularga jismonan ta’sir qilsa, yaqinlarining halok bo‘lishi ularning ruhiyatiga ikki hissa ta‘sir qiladi. Bunday paytda esa do‘stlarning, yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi o‘tganlarni qaytarib bermasa ham, qolganlarning qalbiga biroz bo‘lsada yengillik beradi. Ularning yolg‘iz emasliklari, qardoshlari doimo yonlarida ekanligini anglashi bu musibatli kunlardan eson-omon o‘tib olishlarida ko‘mak bo‘lsa ne ajab?..

Mezana ilm markazi jamoasi ham butun xalqimiz kabi ushbu voqealardan qayg‘uda. Turk xalqiga bu kunlardan o‘tib olishida sabr, matonat tilab, Alloh ularga yengillik berishini tilab qoladi.

Suratlarda Turkiya elchixonasiga tashrif buyurib, u yerda ochilgan hamdardlik kitobiga samimiy tasalli so‘zlarini yozgan Mezana ilm markazi xodimlari va Azon jamoasi.

So‘zimizni shu kunlarda turk xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yozilgan she’rning bir qismi bilan yakunlasak:

Turkiya, yig’lama, ko‘z yoshingni art,
Ochun o‘zi to‘la sinovu sirga,
Qayg‘uda yo‘ldosh bor, baxtga yo‘ldosh dard,
Barisini yengib o‘tamiz birga.

Ғайратхўжа Ғаффорхўжаўғли Hamid Sodiq Numon Abdulmajid Муҳаммадали Ҳикматуллоҳ (Muhammad Ali Hikmatulloh) Bobur Rasulev

27/01/2023

Ota-ona farzandini yolg‘onga o‘rgatadi(mi?)

Yolg‘onchilik insonning fitratida bo‘lmasligi, u hayot davomida shakllanishi haqida avval ham yozgan edik. Ya’ni yolg'on atrofdagilardan o'rganib qilinadigan harakatlar toifasiga kiradi. Bola o'zi duch kelgan bir muammoni qanday hal qilshni ota-onasini kuzatib o'rganadi. Masalan, ona o'z ojizligini "yumshoq yolg'on" deb niqoblasa ham yolg'on har vaqt yolg'ondir. Bola qanday yolg'on gapirishni ota-onasidan aslo o'rganmasligi kerak. Bu tarzdagi ota-ona bo'lish bola uchun juda og'riqli bo'lgani kabi ota-onaga o'zi ulg'aytirgan bola tushib qolgan ayanchli holatni ko'rish ham iztirobdir.

Misol uchun, uy vazifasini bajarmasdan maktabga borgan farzandini "O'g'lim kecha darsini qildi, lekin uydan shoshilib chiqqanimiz sababli stolning ustida qolib ketibdi, uni ertaga olib kelsak bo'ladimi?" deb himoya qilishga uringan ona, o'z farzandining vijdonini zaharlaydi. Chunki bola bu manzarani o'z ko'zi bilan ko'rdi. Bola bu holatda yolg'onning qanday vaziyatlardan olib chiqib ketishi mumkinligini, uylamasdan bemalol yolg'on gapirishi mumkinligini ota-onasidan o'rganadi. Agar ota-onalar bolasiga kelgusida bir qancha muammolarga poydevor bo'ladigan "qobiliyat"ni bir necha daqiqada o'rgatganini bilishsa edi, Yolg'onning "Y" sini ham aytishmagan bo'lar edi.

Ota-onalik izzat va g'urur obidasi sanalishi kerak. Hech bir bola o'z onasining yolg'on gapiradigan darajada pastkashlik qilganini ko'rishdan xursand bo'lmaydi. Ular bilan faxrlanmaydi.

Bola katta qilish mas’uliyatli ish va o'ta diqqat talab qiladi. Bunda ma'lum qoidalarga qattiq amal qilinishi shart. Bu qoidalarning eng muhimlaridan biri esa to'g'rilikdir.

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!

27/01/2023

⚡️ Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘ladimi!?

Imom Abu Homid Gʻazzoliy rohimahulloh o‘zlarining "Ihyou Ulumid din" asarlarida ilmning fazilati haqida to‘xtalib o‘tarkanlar, Zumar surasidagi: “Sen “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!” deb ayt”, oyatini keltiradilar.

Mana shu oyati karimadagi Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?! degan so‘roq taqririy so‘roq bo‘lib, hech qachon bunday bo‘lmasligiga, ya’ni biladiganlar bilan bilmaydiganlar hech qachon barobar bo‘lmasliklariga dalolat qiladi. Albatta, biladiganlar Allohning borligini, birligini anglab unga iymon keltiradilar. Bilmaydiganlar esa bularni inkor etadilar. Bu ikki toifa hech qachon savob va gunohda, mukofot va jazoda teng bo‘lmaydilar. "Albatta aql egalarigina eslatma olurlar". Albatta ilmli, olim kishilargina Alloh taoloning buyuk ne’matlari va uning ulkan qudrati haqida fikr qilib, eslatma oladilar.

Hayotimiz va k***alik turmushimizga e’tibor bilan nazar tashlaydigan bo‘lsak ham, ilmlilar bilan ilmsizlarning aslo barobar bo‘lmasliklariga guvoh bo‘lamiz. Masalan, yuqori bilim va tajribaga ega muhandis hamda oddiy quruvchi usta bir xilda sakkiz soat mehnat qilsalar ham, muhandis quruvchidan balandroq maosh oladi. Yoki bo‘lmasa, oddiy hamshira va tajribali bosh shifokorni yohud professor o‘qituvchi bilan oddiy muallimni olaylik, bular ham garchi sarflayotgan vaqtlari bir xil bo‘lsa-da, olayotgan maoshlari va ularga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tiborda farqlidirlar. Shu bilan birga mas’uliyatda ham teng emasliklarini ta’kidlash kerak. Demak, biladiganlar bilan bilmaydiganlar aslo barobar bo‘lmaydi.

Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!

26/01/2023

Alloh taolodan farzand qay tariqa so‘raladi?

Imom Moturidiy hazratlari Allohdan farzand so‘rash quyidagi tarzda bo‘lishini aytganlar:

Alloh taolodan farzand talab qilayotgan har kishi huddi Imronning ayoli va Zakariyo alayhissalomning quyidagi so‘zlaridek duo qilishi lozim:

رَبِّ هَبْ لِي مِن لَّدُنْكَ ذُرِّيَّةً طَيِّبَةً إِنَّكَ سَمِيعُ الدُّعَاء

“Rabbim, menga O‘z huzuringdan pokiza zurriyot ato qil” (Oli-Imron surasi, 38-oyat).

Ibrohim alayhisssalom so‘raganidek so‘rashi kerak:

رَبِّ هَبْ لِي مِنَ الصَّالِحِينَ

“Rabbim, menga solihlardan ato et” (Soffaat surasi, 100-oyat).

Shuningdek, quyidagi oyatdagi kabi so‘rashlari lozim:

وَالَّذِينَ يَقُولُونَ رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَامًا

“Ular: “Rabbimiz, O‘zing bizga juftlarimizdan va zurriyotlarimizdan ko‘zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga peshvo qil”, deydiganlardir (Furqon surasi, 74-oyat).

Demak, Alloh taologa mazkur ko‘rinishlarda duo qilgan holda farzand so‘ralishi lozim ekan.

Manba: Ta’vilot al-Qur’on, Oli Imron surasi, 35-oyat tafsiri.

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!

21/01/2023

"Dadang yaxshimi yoki onang?" – farzandni "bo‘lib olayotgan" ota-onalar

Farzandning dunyoga kelishi har qanday oilaga ulkan baxt, quvonch keltiradi. U tug‘ilganida ota ham, ona ham, boshqa yaqinlari ham birdek sevinadi. Biroq bola tilga kirib, katta bo‘lgani sari unga turli yo‘llar bilan nojo‘ya ta’sir ko‘rsatish boshlanadi. Yig‘lagan vaqti urish yoki qo‘rqitish, qorong‘i xonaga qamab qo‘yish va hokazo holatlar bola ruhiyatining zaiflashuviga olib keladi.

"Tarbiya"dagi yana bir odat borki, bu holatda bola nimalarni his etishi, uning psixologiyasi qay tomonga o‘zgarishini ba’zi ota-onalar bilmaydi. Bu holat bolaga taqqoslash vazifasini yuklashdir. Yaxshi bilan yomonni, oq bilan qorani taqqoslash orqali farzandingizni ijobiy tomonga undashingiz yaxshi, albatta. Ammo ba’zida shunday holatlar bo‘ladiki, hali go‘dak holatida boladan otasi yoki onasidan birini tanlash talab etiladi. Afsuski bu holat zamonamizda oddiy bir o‘yin sifatida qaraladi. "Men yaxshimi yoki dadangmi?", "Onam yaxshi deb qo‘y, o‘g‘lim", "Dadang yomon-a?" "Kimni ko‘proq yaxshi ko‘rasan?" kabi gaplar bilan bolaning hissiy olamiga qattiq zarba berilishi mumkin. Bunday gap-so‘zlarni esh*tib katta bo‘lgach, bola bir latifada aytilganidek "Ona, dada, sizlarga qariyalar uyi ma’qulmi yoki ijarada yashayverasizlarmi?" degan savollarni beradigan bo‘lib voyaga yetmaydimi?

Yuqoridagi kabi savollarni farzandiga bergan ota-onalar soni juda ko‘p ekani shubhasiz. Ehtimol bu holat hammada ham bo‘lgandir. Ammo hamma shunday qiladi degani bu yaxshi ish ekanini anglatmaydi. To'g'ri, bu kabi savollar odatda hazilomuz ohangda, shunchaki aytiladi. Shunday bo‘lsada bola buning hazil ekanini tushunavermaydi va uning ongida vaqti kelib otam yoki onamdan birini tanlashim kerak, dadam onamdan yaxshiroq kabi fikrlar singib qolishi mumkin.

Shuning uchun aziz ota-onalarimizdan shuni so‘rab qolamizki, farzandingizni suying, erkalang, ammo unga ota-onadan birini tanlash talabini qo‘ymang! Axir siz ham ikki farzandingizdan birini tanlashingizning imkoni yo‘q-ku, to‘g‘rimi? Shunday ekan, farzand tarbiyasiga har tomonlama jiddiy yondashish lozim. Ba’zida shunchaki aytib o‘tiladigan gaplar bolaning psixologiyasiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi yoki uning xotirasida salbiy iz qoldirishi mumkin.

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!

20/01/2023

🔥 Ilm va mehnat g‘alaba qozondi!

"Tata Steel Chess-2023" turnirining nafaqat bugungi, balki butun musobaqadagi eng asosiy bahslaridan biri hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovning g‘alabasi bilan yakunlandi. Nodirbek ushbu tom ma’nodagi jangda jahon chempioni, shaxmat qiroli nomiga loyiq ko'rilgan sportchi, norvegiyalik Magnus Karlsenni mag‘lubiyatga uchratdi.

Mazkur voqelik barcha hamyurtlarimizni sevintirgani aniq. Nodirbekning bu darajaga yetib kelishida uning ota-onasi bergan tarbiya, olgan ta’limi va tinimsiz qilingan mehnatlari muhim dasturilamal bo‘lgani shubhasiz. Ha, kishidan fikrlashni talab etadigan ushbu sport turida g‘alaba qozonish, ayniqsa, "qirol" nomiga sazovor insonni mag‘lub etish uchun shunchaki omadning o'zi kamlik qiladi. Bunday darajaga yetish uchun har tomonlama axloqli, ilmli bo‘lish, mehnatdan qochmaslik talab etiladi. Shu ma’noda Nodirbekning bugungi g'alabasini ilm va mehnat g‘alabasi desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ushbu natija nafaqat Nodirbekka yanada kuch bag‘ishlab, ota-onasi va yaqinlariga rahmat keltiradi, balki yurtimizdagi barcha yoshlarga motivatsiya ham beradi. Ular ham ana shunday marralarga erishish yo‘lida ilm olishga intiladi. Bu esa bizni faqat va faqat quvontiradi.

Ota-onangga rahmat, Nodirbek!

17/01/2023

🗣 Ota-ona "oq qildim" deyishi shart emas!

Ba’zida farzandlar ota-onasini qancha ranjitsa ham ular aslo "oq qildim" degan jumlani ishlatishmaydi. Negaki, farzand qanday bo‘lsa ham ota-ona uni ardoqlaydi, jigarbandim deb ko‘ngliga qaraydi. Lekin shunday holatlar borki, bunda ota-onaning hech qanday so‘zlarisiz ham farzand oq bo‘lishi mumkin. Quyida shular haqida gaplashamiz.

1. Ota-onasiga umuman itoat qilmaslik. O'ziga ma'qul kelgan narsalardagina ota-onaga quloq solib, o'ziga yoqmaydigan narsalarda itoat qilmaslik. Ba'zi farzandlar ota-onasiga yordam bermay, ularga ko'maklashishdan ko'ra uyqusini, rohatini afzal ko'radi. Ba'zilar esa ota-onasiga yordam berish o'rniga televizor ko'rib, telefon o'ynab o'tiradi. Ota-ona farzandning bunday xulqidan ranjiydi, o'ksinadi.

2. Ba'zi farzandlar ko'chadan turli muammolar orttirib keladi, maktab yoki litseyga bormay, ko'chalarda sang'ib yuradi, oshnalari bilan har yerda ko'ngilxushlik qiladi, natijada ota-onalari boshiga tashvishlar olib keladi.

3. Ayrim farzandlar ota-onalariga yomon muomala qilgani uchun ularning g'azabiga yoki mahzun bo'lishiga sabab bo'ladi.

4. Ba'zi farzandlar o'zicha otasining kasbini, onasining ish joyini aytishdan xijolat bo'ladi. Vaholanki, ota-onalar aynan farzandini deb ularning rohatini deb ana shunday ishlarni qilishga rozi bo'lganini tushunmaydi. Chunki ota-ona imkoni bo'lsa, farzandi uchun osmondagi oyni olib berishga tayyor turadi.

5. Ayrim farzandlar ota-onasiga gapirganda tovushini baland qilib yuboradi, hatto baqiradi.

6. Ayrim farzandlarning tillari juda "b***o" bo'ladi, ota-onasini ayblaydi, hatto haqorat qiladi.

7. Gohida farzandlar katta xatoga yo'l qo'yadi – ota-onasiga qo'l ko'taradi.

8. Ayrim farzandlar ota-onasidan ko'ra o'rtoqlarini ko'proq yaxshi ko'radi, ota-onasi bilan emas, ular bilan ko'proq maslahatlashadi. Ularga ko'proq yaxshilik qilib, ota-onasini unutib qo'yadi.

9. Ayrim farzandlar ota-onasi vafot etganidan keyin ularning nomidan xayr-ehsonlar, sadaqalar qilish u yoqda tursin, hatto duo qilishni ham esdan chiqarib qo'yadi. Bu esa juda ham achinarli holatdir.

10. Ayrim farzandlar ulg'ayib, biror kasb egasi bo'lgach, qo'liga biroz pul tushib qolsa, imkoniyati bo'la turib ham, ota-onasiga yordam bermaydi. Faqat o'zini, bola-chaqasini o'ylaydi. Afsuski, farzandini ne-ne umidlar bilan ulg'aytirgan ota-ona birovlarning qo'liga muhtoj bo'lib qolayotgan holatlar ham yo'q emas.

11. Shunday farzandlar ham borki, bo'lar-bo'lmas narsalarni talab qilaverib ota-onasini urintirib, qiynab qo'yadi.

Mazkur aytilgan holatlarning barchasi ota-onasini qattiq ranjitadigan, holatlardir. Oq bo'lish uchun ota-ona "oq qildim" deyishi shart emas. Ota-onaning qalbi ozor cheksa, farzandi sababli qiyin ahvolga tushib qolsa, shuning o'zi o'sha farzandining ota-onaga oq bo'lganidir. Alloh taolo barchamizni bu musibatdan saqlasin.

Misrlik olim ustoz, Homid Ahmad Tohir

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!

16/01/2023

Bolani tanish-bilishchilikka o‘rgatayotganlar

Har bir insonning orzu-istaklaridan biri adolatli, farovon jamiyatda yashashdir. Ammo har kim buni ayricha tushunadi. Kimlardir gaz yoki elektr energiyasiga yashirincha ulanib, unga to‘lanadigan mablag‘ni tejab qolsa, shuni farovon hayot deb tushunadi. Yana kimdir odamlarning ishini "hal qilib berib" olingan poralar evaziga boylik orttirishni yaxshi yashash omili deb hisoblaydi. Bugungi k***a dolzarb bo'lib turgan korrupsiya masalasi jamiyatimiz uchun eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib turibdi.

To'g'ri, hozirda qaysidir amal kursisiga o‘tirib, xalq pulini yeb yotgan, tanish-bilishchilikka yo‘l berib odamlarni norozi qilayotgan, xalq ishonchini suiiste'mol qilayotgan amaldorlarning ota-onasi ularga shunday tarbiya bermagan. Hech bir ota-ona farzandiga "birovning haqqini yeyish kerak" deb o‘rgatmaydi. Ammo shunisi ham borki, aynan shu narsaning aksini o‘rgatmaydiganlar bor. Ya’ni birovning haqqiga xiyonat qilish yaxshi ish deyishmaydi, ammo bunday qilish yomon oqibatlarga olib kelishi, gunoh ekanligi, inson har bir luqmasini halol ishlab topishi lozimligini farzandiga uqtirish o‘rniga ularga telefon tutqazib, "ovozini o‘chiradiganlar" bor.

Xo‘sh, aslida bolani korrupsiyaga qarshi qanday tarbiyalash lozim?

Qachonki, tarbiyani ota-ona — bog‘chaga, bog‘cha — maktabga, maktab esa mahallaga yuklamasdan, o‘z zimmasidagi majburiyatni barcha birdek his qilsa, bir­dek amalga oshirsa, ana shundagina farzand odob-axloqli, turli illatlardan holi tarzda tarbiya topadi.

Korrupsiya nima ekanligini bola umuman tu­shunmaydi, illat ekanini anglamaydi. Bunda unga boshlang‘ich tushunchalarni sodda tilda anglatib borish mumkin. Masalan, qalampirning achchiq ekanini bildirib qo‘yish uchun uning ta’mini totish shart emas. Aslida, bolaga qalampir­ning achchiqligini shakarning shirin ta’mi bilan ham anglatish mumkin. Mana shunday taqqoslama tasvirlar orqali bolani dastavval halollikka o‘rgatish zarur. Bunda bolaga fikrni tez va oson yetkazish uchun ta’lim-tarbiyaning o‘ziga xos vositalarini qo‘llash juda samarali. Aytaylik, yuvilgan olma va balchiqda yotgan olmani o‘zaro taqqoslash bilan "nima yaxshi, nima yomon", "nima mumkin, nima mumkin emas" ekanini bildirish mumkin. Endi bolakay toza olma yaxshi ekanligini anglab faqatgina doimo toza yurish kerakligini emas, shu bilan birga balchiqda yotgan olma misolida nopok bo'lmaslikni ham o'rganadi. Bu esa o‘z-o‘zidan keyingi tushuntirishlarga — ko‘ngilni ham pok saqlashni o‘rgatuvchi mashg‘ulotlarga yo‘l ochadi. "Yomonlikka qo‘l urgan odam balchiqdagi olma kabi yuzi dog‘ bo‘lib qolishi mumkin"ligi haqida bola tilida tushuntirishlar berish orqali bolani jamiyat rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan illatlardan saqlagan holda tarbiya qilinadi.

Mezana – ilmni odob bilan o'rganamiz!


Want your school to be the top-listed School/college in Tashkent?

Click here to claim your Sponsored Listing.

Location

Category

Website

Address


Tashkent