18/09/2026
✍️ “Milliy diktant” loyihasi bo‘lib o‘tdi
16-sentabr kuni Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish fondi Yoshlar markazida o‘zbek tilidagi savodxonlikni oshirish, yozma nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ishtirokchilarning ona tiliga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan “Milliy diktant” tashkil etildi.
Loyihaga yoshlar tomonidan katta qiziqish bildirildi. 200 ga yaqin yoshlar “Milliy diktant”da ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishdi. Bu esa yoshlar orasida o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tibor va savodxonlikni oshirishga bo‘lgan intilish yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Tadbir davomida turli yoshdagi ishtirokchilar o‘zbek tilining imlo va grammatika qoidalari, tinish belgilaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha bilimlarini amalda sinab ko‘rdilar. Ishtirokchilar diktant matnini diqqat bilan tinglab, uni belgilangan qoidalar asosida yozib, o‘z savodxonlik darajalarini namoyon etdilar.
📝 Diktant ishlari belgilangan mezonlar asosida sinchiklab tekshirilib, ishtirokchilarning yozma ishlari:
— imlo qoidalariga rioya qilishi;
— grammatik jihatdan to‘g‘ri yozishi;
— tinish belgilaridan o‘rinli foydalanishi;
— yozuvning husnixati va umumiy tartibiga ko‘ra baholandi.
“Milliy diktant” nafaqat bilimlarni sinovdan o‘tkazish, balki o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish, savodxonlikni oshirish va yozma nutq madaniyatini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
📚 Ona tilimizga e’tibor — milliy qadriyatlarimizga e’tibor. Savodxonlik esa har birimizning kundalik hayotimizdagi muhim ko‘nikmadir.