Ko'kaldosh Madrasasi

Ko'kaldosh Madrasasi Ko'kaldosh o'rta maxsus islom bilim yurti

ZULMATDAN NURGACHA (14-qism) Tanbeh va moʻjizaRasululloh sollallohu alayhi va sallamning daʼvat yoʻllarida bir nodir voq...
02/09/2026

ZULMATDAN NURGACHA (14-qism) Tanbeh va moʻjiza

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning daʼvat yoʻllarida bir nodir voqea sodir boʻldiki, u ojiz kishini pisand qilmagan har bir inson uchun nurli chiroq kabi muhim dars boʻldi.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Quraysh zodagonlarini Islomga daʼvat etayotgan edilar. Toʻsatdan huzurlariga dastlab musulmon boʻlgan sahobalardan koʻzi ojiz Abdulloh ibn Ummu Maktum Omiriy roziyallohu anhu kelib qoldi.
U kishi u zotning Quraysh ayonlari bilan mashgʻul ekanliklarini koʻrmay, baland ovoz bilan:
– Ey Allohning Rasuli, Alloh oʻzingizga oʻrgatgan narsadan menga ham oʻrgating, – dedi va gapni koʻpaytirib yubordi.
U kishining bu ishlari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga malol keldi. Bir miskinga eʼtibor qaratishlari zodagonlarda nafrat uygʻotishidan xavfsirab, undan yuzlarini burdilar.
Shunda Alloh taolo u zotga bu ishlari uchun Abasa surasidagi quyidagi oyatlar bilan tanbeh berdi:

عَبَسَ وَتَوَلَّىٰ ﴿١﴾ أَن جَاءَهُ الْأَعْمَىٰ ﴿٢﴾ وَمَا يُدْرِيكَ لَعَلَّهُ يَزَّكَّىٰ ﴿٣﴾ أَوْ يَذَّكَّرُ فَتَنفَعَهُ الذِّكْرَىٰ ﴿٤﴾ أَمَّا مَنِ اسْتَغْنَىٰ ﴿٥﴾ فَأَنتَ لَهُ تَصَدَّىٰ ﴿٦﴾ وَمَا عَلَيْكَ أَلَّا يَزَّكَّىٰ ﴿٧﴾ وَأَمَّا مَن جَاءَكَ يَسْعَىٰ ﴿٨﴾ وَهُوَ يَخْشَىٰ ﴿٩﴾ فَأَنتَ عَنْهُ تَلَهَّىٰ ﴿١٠﴾ كَلَّا إِنَّهَا تَذْكِرَةٌ ﴿١١﴾ فَمَن شَاءَ ذَكَرَهُ ﴿١٢﴾

Maʼnolar tarjimasi: “U qovogʻini soldi va yuzini oʻgirdi. Uning huzuriga koʻzi ojiz odam kelgan edi. (Ey Muhammad) siz qayerdan bilasiz, ehtimol u poklanar yoki pand-nasihat olar, soʻng bu pand-nasihat unga foyda berar?! Ammo siz (mol-mulki, kuch-qudrati va obroʻ-eʼtibori bilan imon-eʼtiqod va dinu diyonatdan) oʻzini behojat bilgan kimsaga yuzlanmoqdasiz. Holbuki, uning (kufrdan) poklanmasligi sizga zarar bermaydi. Ammo endi (Allohdan) qoʻrqqan holida huzuringizga shoshib kelgan kishidan esa oʻgirilib olyapsiz. Yoʻq! Albatta, (Qurʼon oyatlari) pand-nasihatdir. Kim xohlasa, undan pand-nasihat oladi” (Abasa surasi, 1-12-oyatlar).
Ushbu voqeadan soʻng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam biror-bir faqirning yuziga qovoq solib qaramadilar.
Mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tutgan yoʻllaridan qaytarish uchun bir qancha narsalarni taklif qilishdi. Lekin u zot bularning birortasini ham qabul qilmadilar.
Takliflari qabul qilinmaganini koʻrishgach, ular moʻjiza talab qilib, u zotni ojiz qoldirmoqchi boʻlishdi. Bir kecha Mino vodiysida yigʻilib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga:
– Agar rostgoʻy boʻlsang, bizga moʻjiza koʻrsat: shu oyni ikki boʻlakka boʻlib ber, – deyishdi.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga ushbu moʻjizani berdi va oy ikki boʻlakka boʻlindi. Soʻng u zot ularga:
– Guvoh boʻlinglar! – dedilar (Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu rivoyati; Imom Buxoriy rivoyati, 3636; Imom Muslim rivoyati, 2800).
Alloh taolo Qurʼoni Karimning Qamar surasida ushbu hodisani bayon qiladi:

اقْتَرَبَتِ السَّاعَةُ وَانشَقَّ الْقَمَرُ ﴿١﴾

Maʼnolar tarjimasi: “Qiyomat yaqinlashib qoldi va oy ham (ikkiga) boʻlindi” (Qamar surasi, 1-oyat).
Baʼzi mushriklar bu katta moʻjizani koʻrganlarida:
– Abu Kabshaning oʻgʻli sizlarni sehrlab qoʻydi, – deyishdi.
Shunda Alloh taolo ular haqida Qamar surasining keyingi oyatini nozil qildi:

وَإِن يَرَوْا آيَةً يُعْرِضُوا وَيَقُولُوا سِحْرٌ مُّسْتَمِرٌّ ﴿٢﴾

Maʼnolar tarjimasi: “Agar (Quraysh mushriklari) moʻjiza koʻrishsa ham, yuz oʻgirishadi va: “(Bu) har doimgi sehr-ku!” – deyishadi” (Qamar surasi, 2-oyat).
Maqola “Nurul-yaqin” kitobi asosida tayyorlandi.

✒️ Ikrom domla Roʻziqulov “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi

02/09/2026

Yoshlar zimmasidagi mas’uliyat

Muxtor Uzaqov
“Ko’kaldosh” o‘rta maxsus islom ta‘lim muassasasi talabasi

t.me/kukaldoshuz – diniy-ma’rifiy kanal!

02/09/2026

🇺🇿 Tinchlik — ulug’ ne’mat

Shamsiddin Sulaymanov
“Ko’kaldosh” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi O’quv kurslari bo’limi uslubchisi

t.me/kukaldoshuz – diniy-ma’rifiy kanal!

01/09/2026

🇺🇿 Eng ulug' ne'matga shukronalik

Jahongir Ismatov
“Ko’kaldosh” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi O’quv kurslari bo’limi boshlig’i

t.me/kukaldoshuz – diniy-ma’rifiy kanal!

01/09/2026



Mustaqillik — eng ulug’ ne’mat

Jaloliddin domla Ahmedov
“Ko’kaldosh” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

t.me/kukaldoshuz – diniy-ma’rifiy kanal!

31/08/2026



Mustaqillik — farovonlik va taraqqiyot poydevori

Jaloliddin domla Xolmo’minov
“Ko’kaldosh” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi

t.me/kukaldoshuz – diniy-ma’rifiy kanal!

ZULMATDAN NURGACHA (13-qism) Qizigan qumdagi sadoqatQurayshliklar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni daʼvatdan qay...
31/08/2026

ZULMATDAN NURGACHA (13-qism) Qizigan qumdagi sadoqat

Qurayshliklar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni daʼvatdan qaytara olmagach, sahobalarga ham tazyiq oʻtkaza boshladilar. Ayniqsa, kuchsiz va himoyasiz sahobalar ogʻir qiynoqlarga duchor boʻldilar. Lekin bu aziyatlar qancha koʻp boʻlmasin, unda Allohning roziligi bor ekan, sahobalar nazdida totli edi.
Ular oʻz yoʻllaridan qaytmadilar. Aksincha, Alloh taolo ularni sobitqadam qildi va Oʻz ishini ularning qoʻllari bilan oxiriga yetkazdi. Zaif va chorasiz boʻlgan bu zotlar oz fursatdan keyin yer yuzining podshohlariga aylandilar.
Alloh taolo Qasos surasida bu haqda shunday marhamat qilgan:

وَنُرِيدُ أَن نَّمُنَّ عَلَى الَّذِينَ اسْتُضْعِفُوا فِي الْأَرْضِ وَنَجْعَلَهُمْ أَئِمَّةً وَنَجْعَلَهُمُ الْوَارِثِينَ

Maʼnolar tarjimasi: “Biz yer yuzida zaif va chorasiz boʻlgan kishilarga marhamat koʻrsatishni, ularni merosxoʻr qilishni istaymiz” (Qasos surasi, 5-oyat).

Bu sharafli yoʻlda aziyat chekkan sahobalardan biri Bilol ibn Raboh Habashiy roziyallohu anhu edilar. U kishi Qurayshning Banu Jumah urugʻidan boʻlgan Umayya ibn Xalafning quli edilar.
Umayya u kishining musulmon boʻlganlarini esh*tganda boʻyinlariga arqon solib, oʻynashlari uchun yosh bolalarga berib qoʻyardi. Bilol roziyallohu anhu esa “Ahad, Ahad!” der edilar. Chekayotgan azoblari u kishini Alloh taoloning yoʻlidan qaytara olmadi.
Bir kuni Umayya u kishini kunning qoq oʻrtasida, ustiga goʻsht qoʻysa pishadigan darajada qaynoq qumga olib chiqdi. Soʻng yerga chalqancha yotqizib, koʻkraklariga katta bir toshni bostirishni buyurdi. Keyin:
– Sen to oʻlmaguningcha yoki Muhammadga kufr keltirib, Lot va Uzzoga sigʻinmaguningcha shu ahvolda qolasan, – dedi.
Bilol roziyallohu anhu esa “Ahad, Ahad!” deb takrorlar edilar.
Shu payt Abu Bakr roziyallohu anhu ularning oldidan oʻtib qoldilar va:
– Ey Umayya, bu bechora qul xususida Allohdan qoʻrqmaysanmi? Uni qachongacha azoblaysan? – dedilar.
Umayya:
– Uni buzgan sensan! Endi bu qiynoqlardan oʻzing xalos et! – dedi.
Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu u kishini Umayyadan besh yoki yetti uqiya kumush evaziga sotib olib, ozod qildilar.
Alloh yoʻlida azob chekkanlardan yana biri Yosir oilasidir. Yaʼni Yosir, uning ayoli Sumayya va ikki oʻgʻli Ammor hamda Abdulloh roziyallohu anhum.
Ularga olov bilan azob berilardi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularning oldidan oʻtib qoldilar va:
– Ey Yosir oilasi, sabr qilinglar! Sizga vaʼda qilingan joy jannatdir, – dedilar (Imom Hokim rivoyati).
Ammor roziyallohu anhuning otalari bilan onalari qiynoq ostida vafot etishdi. Ammor roziyallohu anhuga azob ogʻir keldi va shu sababli tillari bilan kufr kalimalarini aytishga majbur boʻldilar. Baʼzi musulmonlar: “Ammor kofir boʻldi”, – deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
– Ammorning sochining uchidan oyogʻining uchigacha butun vujudi imon bilan limmo-limdir, – dedilar.
Alloh taolo Ammor roziyallohu anhuning shaʼnlarini himoya qilib, Nahl surasida shunday deydi:

مَن كَفَرَ بِٱللَّهِ مِنۢ بَعۡدِ إِیمَـٰنِهِۦۤ إِلَّا مَنۡ أُكۡرِهَ وَقَلۡبُهُۥ مُطۡمَىِٕنُّ بِٱلۡإِیمَـٰنِ وَلَـٰكِن مَّن شَرَحَ بِٱلۡكُفۡرِ صَدۡرࣰا فَعَلَیۡهِمۡ غَضَبࣱ مِّنَ ٱللَّهِ وَلَهُمۡ عَذَابٌ عَظِیمࣱ

Maʼnolar tarjimasi: “Kim Allohga imon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir boʻlsa (murtad boʻladi). Lekin kim qalbi imon ila orom topgan holida (tili bilan kufr kalimasini aytishga) majburlansa, (bu mustasnodir). Ammo kimning koʻngli kufr bilan yoziladigan boʻlsa, ularga Allohdan gʻazab bor va ular uchun ulkan azob bordir” (Nahl surasi, 106-oyat).
(Davomi bor...)

“Nurul-yaqin” kitobi asosida tayyorlandi.

✒️Ikrom domla Roʻziqulov “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi oʻqituvchisi

MUSTAQILLIK – MA’NAVIY TIKLANISH VA DINIY-MA’RIFIY YUKSALISH POYDEVORIVatanimiz mustaqilligiga o‘ttiz besh yil to‘ldi. S...
31/08/2026

MUSTAQILLIK – MA’NAVIY TIKLANISH VA DINIY-MA’RIFIY YUKSALISH POYDEVORI
Vatanimiz mustaqilligiga o‘ttiz besh yil to‘ldi. Shu davr mobaynida xalqimiz o‘z e’tiqodiga, milliy ildizlariga qaytdi; yopiq eshiklar ortida qolgan qadimiy ilm dargohlari esa yangidan hayot topdi. 475 yillik tarixga ega Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining taqdiri ana shu tiklanishning yorqin timsolidir.
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga cheksiz salavot va salomlar bo‘lsin.
Har bir millat va xalq tarixida uning qadr-qimmati, o‘zligi va kelajak taraqqiyotini belgilab beradigan burilish nuqtalari mavjud. Jonajon O‘zbekistonimiz bosib o‘tgan shonli yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, o‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot davri ajdodlarimizning ko‘p asrlik orzu-umidlari ro‘yobga chiqqan davr bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz. Istiqlol – shunchaki siyosiy tushuncha yoki chegara daxlsizligi emas, balki xalqimizning o‘zligini anglashi, asriy qadriyatlarini qayta kashf etishi, e’tiqod erkinligiga erishishi va ma’naviy ildizlariga qaytishini ta’minlagan ulug‘ ilohiy ne’matdir.
Muqaddas islom ta’limotida vatanparvarlik, tinchlik-osoyishtalik va milliy birdamlik eng oliy qadriyatlar qatorida e’tirof etiladi. Olamlar Parvardigori bashariyatga ato etgan ne’matlar ichida erkinlik, omonlik va yurt tinchligi alohida o‘rin tutadi. Zero, osoyishtalik bo‘lmagan zaminda na ilm-fan rivojlanadi, na ma’rifiy yuksalishga erishiladi, na ibodatlar xotirjamlik bilan ado etiladi. Shu ma’noda, mamlakatimizdagi barqarorlik va o‘zaro hamjihatlik har bir fuqaro qalbiga shukronalik tuyg‘usini jo qilishi tabiiydir.
O‘tgan o‘ttiz besh yil mobaynida jamiyat hayotining barcha sohalarida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas qadamjolarni obod etish va sof islom ma’rifatini xalqimizga yetkazish yo‘lida beqiyos ishlar amalga oshirildi. Yurtimiz bo‘ylab qad rostlagan jome masjidlar, zamon talablari asosida faoliyat yuritayotgan islom ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari shu ne’matning yorqin mevalaridir.
Tarix – o‘tmish ko‘zgusi, kelajak poydevoridir. Bugungi erkin va farovon hayotimizning asl mohiyatini to‘laqonli idrok etish uchun yaqin o‘tmish sahifalariga xolis nazar tashlash, xalqimiz boshidan kechirgan murakkab sinovlarni yodga olish katta ahamiyatga ega. Mustabid tuzum davrida millatimizning ko‘p asrlik merosi, diniy qadriyatlari va muqaddas an’analariga nisbatan yuritilgan ayovsiz siyosat qalblarda chuqur jarohat qoldirgan edi.
O‘sha qora kunlarda xalqimizning e’tiqod erkinligi poymol etildi, asrlar davomida ma’rifat taratgan yuzlab masjid va madrasalar eshiklariga qulflar urildi. Ilm-fan o‘choqlari bo‘lgan muazzam me’moriy obidalar omborxonalarga, ustaxonalarga yoki tashlandiq maskanlarga aylantirildi. Islom olamida d**g taratgan ulamolarimiz, mufassir va muhaddislarimizning nodir qo‘lyozma asarlari yoqib yuborildi, saqlab qolinganlari esa kutubxonalarning yopiq fondlarida chang bosib yotdi. Odamlar farzandlariga Qur’oni karim oyatlarini, milliy odob-axloq qoidalarini yashirincha o‘rgatishga majbur bo‘lgan. Ajdodlar merosidan bebahra avlodni shakllantirishga qaratilgan bu kabi tazyiqlar milliy o‘zlikni yo‘q qilishdek mudhish maqsadni ko‘zlagan edi.
Biroq xalqimiz qalbidagi iymon nuri, ma’rifatga bo‘lgan tashnalik va asriy sabr-bardosh bu og‘ir sinovlarni yengib o‘tishga qodir bo‘ldi. 1991-yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik millatimiz uchun haqiqiy ma’naviy uyg‘onish, adolatning tantanasi bo‘ldi. Istiqlol sharofati bilan xalqimiz o‘zining azaliy e’tiqodiga, milliy ildizlariga qayta erishdi. Diniy bayramlarimiz – Ramazon va Qurbon hayitlari rasmiy bayram maqomiga ega bo‘lib, keng nishonlana boshladi; har yili minglab yurtdoshlarimiz Haj, o‘n minglab kishi Umra ziyoratini emin-erkin ado etish baxtiga muyassar bo‘lmoqda.
Eng muhimi, allomalarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband kabi mutafakkirlarimizning maqbaralari obod etilib, ularning boy ilmiy merosini o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Yurtimizda diniy bag‘rikenglik va erkinlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yillar davomida yopiq turgan ma’naviy xazinalarimiz yana xalqqa qaytarildi.
Ushbu tarixiy jarayonlarni yodga olish bugungi tinch-osoyishta, erkin hayotimiz o‘z-o‘zidan kelib qolmaganini, uning ortida qanchadan-qancha mashaqqat va fidoyilik yotganini anglab yetishga undaydi. Ne’matning qadrini bilish esa, avvalo, o‘tmishdagi mahrumliklarni to‘g‘ri baholashdan boshlanadi.
Bugun biz ana shunday sinovlardan keyingi shukuhli va mas’uliyatli pallada turibmiz. O‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuqlarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning asl mohiyatini chuqur idrok etish, uning qadriga yetish va bu ne’matni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash har birimizning vijdoniy burchimiz ekanini yanada teranroq his etamiz. Sinovli kunlar ortda qolib, ilm-ma’rifat nurlari yana diyorimiz uzra porlay boshlagani Yaratganning xalqimizga bergan buyuk inoyatidir.
Poytaxtimizning qadimiy qismida qad rostlagan, 475 yillik salobatli tarixga ega Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi xalqimizning ma’naviy hayoti, yuksalishi va boshidan kechirgan murakkab sinovlarining tirik guvohidir. XVI asrda Shayboniylar davrida bunyod etilgan bu muazzam ilm maskani asrlar mobaynida Markaziy Osiyoning yirik ma’rifat o‘choqlaridan biri bo‘lib, bu yerdan yuzlab yetuk ulamolar, mudarrislar, adiblar va davlat arboblari yetishib chiqqan. Turli davrlarda Muqimiy, Furqat, Hamza kabi so‘z san’atkorlari ham shu dargoh hujralarida yashab, ijod qilgan.
Biroq mustabid sho‘ro davrida boshqa ko‘plab qadamjolar kabi bu tabarruk dargohning ham peshonasiga og‘ir qismat yozildi: uning eshiklari tolibi ilmlar uchun yopildi, 1930-yildan boshlab betakror me’moriy binodan omborxona, keyinchalik esa turli idoralar qarorgohi sifatida foydalanildi. Madrasaning darsxonalari va hujralari o‘zining asl vazifasidan mahrum etilib, sukunatga g‘arq bo‘ldi.
Mustaqillik quyoshi charaqlab porlagan ilk yillardanoq adolat tantana qildi. 1991-yilda tarixiy bino O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga qaytarildi. 1999-yil 18-avgustda muassasa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazildi, 10-oktyabrda maxsus ruxsatnoma oldi va shu yilning 1-noyabridan o‘rta maxsus islom bilim yurti sifatida rasmiy faoliyatini boshladi.
Keyingi yillarda Ko‘kaldosh shunchaki ta’mirlanib qolmay, davlatimizning doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida tubdan qayta tiklandi, uning moddiy-texnik bazasi zamon talablari darajasiga yetkazildi. Hujralar yangi qiyofa kasb etdi; tolibi ilmlar uchun barcha qulayliklarga ega shinam o‘quv xonalari, boy axborot-resurs markazi va kompyuter sinflari barpo etildi. Bugungi k***a muassasada 200 ga yaqin tolibi ilm tahsil olmoqda.
O‘quv jarayoni asriy an’analar va ilg‘or pedagogik texnologiyalar uyg‘unligida olib borilmoqda. Muassasada Qur’oni karim qiroati va tajvid qoidalari, tafsir, hadis ilmi, fiqh, aqida, arab tili morfologiyasi (sarf) va sintaksisi (nahv) kabi an’anaviy islomiy fanlar chuqur o‘rgatiladi. Shu bilan bir qatorda, zamon talablariga to‘la javob beradigan dunyoviy fanlar – axborot texnologiyalari, chet tillari, O‘zbekiston tarixi, falsafa va boshqa ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlar puxta o‘qitilmoqda.
Bosh maqsadimiz – ajdodlarimizning boy ilmiy xazinasini chuqur o‘zlashtirgan, ayni paytda zamon bilan hamnafas fikrlaydigan, yuksak salohiyatli va keng dunyoqarashga ega mutaxassislarni tarbiyalashdir. Dargohimiz bitiruvchilari bugun nafaqat diniy sohada xizmat qilmoqda, balki turli davlat va jamoat tashkilotlarida, ilm-fan tarmoqlarida Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz barqarorligi va yoshlar tarbiyasiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bu esa istiqlol ne’mati bergan imkoniyatlarning amaldagi yaqqol samarasidir.
Muqaddas islom ta’limotida insoniyatga ato etilgan har bir yaxshilik va qulaylikka nisbatan minnatdorlik bildirish qalbning eng go‘zal fazilati sanaladi. Qur’oni karimda marhamat qilinadi:
“Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni) sizga ziyoda qilurman...”
(Ibrohim surasi, 7-oyat; ma’nolar tarjimasi)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam esa shukrning ijtimoiy o‘lchovini shunday ko‘rsatganlar: “Odamlarga shukr qilmagan kishi Allohga shukr qilmagan bo‘ladi” (Abu Dovud, 4811-hadis; Termiziy, 1954-hadis). Ushbu ilohiy da’vat va nabaviy ko‘rsatma har bir ongli musulmonni o‘zi bahramand bo‘layotgan tinchlik, xotirjamlik, erkinlik va ilmu ziyo muhitini teran anglashga undaydi.
Shukrona faqatgina tilda “Alhamdulillah” deyish bilan cheklanmaydi; uning eng oliy darajasi berilgan ne’matni ezgu maqsadlar yo‘lida to‘g‘ri sarflash, ya’ni amaliy harakatda namoyon etishdir. Mustaqillik bergan betakror imkoniyatlar – ziyoratgohlarning obod etilishi, diniy-ma’rifiy kitoblarning emin-erkin chop etilishi, yoshlarning zamonaviy va diniy bilimlarni to‘siqlarsiz egallashi oldidagi eng katta shukronalik millatimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilish, sof e’tiqod mezonlarini himoya qilish va Vatan koriga yaraydigan komil inson bo‘lib yetishishdir.
Bugungi murakkab globallashuv davrida, turli g‘oyaviy tahdidlar va axborot xurujlari avj olgan pallada diniy ta’lim muassasalari zimmasidagi mas’uliyat har qachongidan ham ortdi. Yurtimizda ilgari surilayotgan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” degan ezgu tamoyil ayni shu ehtiyojdan kelib chiqqan. Sof islom ta’limoti mutaassiblik, radikalizm va buzg‘unchilikni qat’iyan rad etadi; u insonparvarlik, ilmga intilish, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni targ‘ib qiladi. Shuning uchun ham yosh avlod ongini soxta da’volar, internet makonidagi noxolis oqimlar ta’siridan asrash, ularga ajdodlarimiz asos solgan mo‘tadil moturidiya aqidasi va hanafiy mazhabi mezonlarini to‘g‘ri singdirish mudarrislarimizning asosiy vazifasidir.
Ko‘kaldosh tolibi ilmlari bugun nafaqat shar’iy matnlarni tushunadigan, balki zamonaviy dunyoda yuz berayotgan mafkuraviy jarayonlarni to‘g‘ri tahlil qila oladigan, jamiyatda ma’rifat ziyosini tarqatadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib shakllanmoqda. Zero, qalbi ilm nuri bilan sug‘orilgan, shukronalikni o‘ziga shior qilgan avlod hech qachon yot g‘oyalar tuzog‘iga tushmaydi, balki o‘z xalqi va davlatining mustahkam qalqoniga aylanadi.
Istiqlolimizning o‘ttiz besh yillik bosqichi xalqimizning ma’naviy yangilanishi, o‘zligini anglashi va diniy-ma’rifiy sohadagi tarixiy burilishlar davri sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Ajdodlarimiz merosini tiklash, qadimiy ilm dargohlariga yangi hayot bag‘ishlash va jamiyatda mustahkam ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish yo‘lida erishilgan natijalar har birimizning qalbimizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi jamoasi nomidan butun xalqimizni, aziz yurtdoshlarimizni eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik qutlug‘ to‘yi bilan samimiy muborakbod etamiz.
Parvardigori olam jannatmakon yurtimiz osmonini hamisha musaffo, mustaqilligimizni boqiy, osoyishtaligimizni bardavom aylasin. Xalqimiz farovonligi, Vatan ravnaqi va ma’rifat tantanasi yo‘lida olib borilayotgan barcha xayrli islohotlarga O‘zi madadkor bo‘lsin.
Yurtimiz uzra tinchlik, mehr-oqibat va qut-baraka hech qachon arimasin, yoshlarimizning ilm yo‘lidagi sa’y-harakatlari hamisha ziyoda bo‘lsin!

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri M.Erkayev

Bayram tabrigi!Bismillahir Rohmanir RohimMuhtaram ustozlar, aziz talabalar, qadrli vatandoshlar!🇺🇿 Sizlarni xalqimiz tar...
31/08/2026

Bayram tabrigi!

Bismillahir Rohmanir Rohim
Muhtaram ustozlar, aziz talabalar, qadrli vatandoshlar!

🇺🇿 Sizlarni xalqimiz tarixidagi eng ulug’ sana — O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
🇺🇿 Mustaqillik — Alloh taoloning xalqimizga ato etgan buyuk ne’matidir. Asrlar osha ilm nurini taratib kelgan Ko’kaldosh madrasasi ham aynan shu sharofat bilan qayta hayot topdi.
🤲 Alloh taolo yurtimiz osmonini musaffo, xalqimizni omon, yoshlarimizni barkamol aylasin!

Bayramingiz muborak bo’lsin!

M.Erkayev
Ko’kaldosh o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri

t.me/kukaldoshuz – diniy-ma’rifiy kanal!

Address

Tashkent

Opening Hours

Monday 09:00 - 16:00
Tuesday 09:00 - 16:00
Wednesday 09:00 - 16:00
Thursday 09:00 - 16:00
Friday 09:00 - 16:00
Saturday 09:00 - 16:00

Telephone

+998712421082

Alerts

Be the first to know and let us send you an email when Ko'kaldosh Madrasasi posts news and promotions. Your email address will not be used for any other purpose, and you can unsubscribe at any time.

Contact The School

Send a message to Ko'kaldosh Madrasasi:

Shortcuts

Share