14/09/2026
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonunning ahamiyati
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ma’qullandi. Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan ushbu qonunning ma’qullanganligi tilimiz rivoji va yozuvimiz mukammallashuvi sari qo‘yilgan yana bir muhim qadam hisoblanadi. Qayd etish lozimki, qonunda nazarda tutilgan o‘zgarish milliy til siyosati, yozuv me’yorlari, ta’lim, rasmiy ish yuritish hamda raqamli texnologiyalar rivoji uchun ayricha ahamiyat kasb etadi. Yangilangan alifboda amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan foydalanish nazarda tutilmoqda. Mazkur islohotni faqat grafik o‘zgarish sifatida emas, balki o‘zbek yozuvini milliy tilning fonetik xususiyatlari va zamonaviy raqamli muhit talablariga moslashtirishga qaratilgan tizimli jarayon sifatida baholash zarur.
Yozuv har qanday milliy tilning ijtimoiy hayotida muhim kommunikativ va madaniy vosita hisoblanadi. U nafaqat nutqni grafik shaklda ifodalash; balki milliy tilning fonetik, leksik va grammatik xususiyatlarini avloddan avlodga yetkazish, ta’lim va rasmiy ish yuritishni ta’minlash vazifalarini ham bajaradi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, alifboni takomillashtirish masalasi oddiy texnik yoki grafik o‘zgarish emas, balki tilning ijtimoiy-funksional imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog‘liq muhim lingvistik masaladir.
O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalasi bir necha yillardan buyon ilmiy jamoatchilik, tilshunoslar va keng xalq e’tiborida bo‘lib kelmoqda. 2026-yil 7-iyulda Qonunchilik palatasi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga doir qonun loyihasini qabul qilib, uni Senat muhokamasiga yuborgan edi.
2026-yil 10-sentabrda esa Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida mazkur qonun ma’qullandi. Bu jarayon o‘zbek yozuvini takomillashtirishning huquqiy jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini anglatadi.
Alifbo takomillashuvining lingvistik ahamiyati. Mukammallik sari borilayotgan alifboda amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan iborat tizim nazarda tutilmoqda. Xususan, amaldagi O‘, G‘, Sh, Ch grafik shakllari o‘rniga Ö, Ğ, Ş, Ç harflaridan foydalanish belgilanmoqda. Shuningdek, ng harf birikmasi alohida harf birikmasi sifatida alifbo tarkibidan chiqarilib, imlo qoidalari tarkibida o‘rganilishi qayd etilmoqda.
Mazkur o‘zgarishlarning muhim jihati shundaki, ular o‘zbek tilidagi ayrim tovushlarni grafik jihatdan yaxlit birlik sifatida ifodalash imkonini kengaytiradi. Ayniqsa, harf birikmalari o‘rniga alohida grafemalardan foydalanish alifboning ichki tizimliligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bunda alifbo va imlo tushunchalarini bir-biridan farqlash muhim: alifboning takomillashuvi, o‘z navbatida, imlo qoidalarini ham qayta ko‘rib chiqish va ularni yangi grafik tizim bilan uyg‘unlashtirish zaruratini yuzaga keltiradi.
Shu jihatdan yangi alifboning asosiy maqsadini harf shakllarini o‘zgartirish bilangina cheklamaslik lozim. Uning samaradorligi o‘zbek tilining fonetik tizimi, imlo me’yorlari va yozma nutq amaliyoti bilan qanchalik uyg‘unlashishi orqali ham baholanishi lozim.
Raqamli muhit uchun ahamiyati. Bugungi k***a alifboga qo‘yiladigan talablar an’anaviy yozuv doirasidan ancha kengaygan. Elektron hujjatlar, ma’lumotlar bazalari, internet platformalari, elektron hukumat tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarida tilning grafik standartlari muhim texnik ahamiyat kasb etadi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, amaldagi O‘ va G‘ kabi belgilar ayrim kompyuter dasturlari, elektron bazalar va klaviatura tizimlarida texnik noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Yangi grafik shakllarning raqamli muhitga moslashtirilishi esa o‘zbek tilida elektron axborot almashinuvini standartlashtirish imkonini kuchaytiradi.
Buning yana bir muhim tomoni – o‘zbek tilidagi raqamli kontentni qayta ishlash jarayonlarining bir xillashuvidir. Matnlarni avtomatik tanish, qidirish, saralash, ma’lumotlar bazasiga kiritish, kompyuter lingvistikasi va sun’iy intellekt tizimlarida o‘zbek tilidan foydalanish uchun barqaror grafik standart zarur. Demak, alifbo islohoti tilning raqamli makondagi vazifaviy imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Ta’lim va savodxonlik nuqtayi nazaridan ahamiyati. Alifbo ta’lim tizimining eng asosiy grafik vositalaridan biridir. Shuning uchun uni yangilash maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Yangi alifboning joriy etilishi darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, lug‘atlar, elektron ta’lim resurslari va yozma nutq amaliyotini bosqichma-bosqich yangilashni talab etadi.
Muhimi, islohot aholi uchun keskin ma’muriy yuk yuzaga keltirmasligi kerak. Senatda ma’qullangan hujjatda amaldagi alifboda rasmiylashtirilgan hujjatlarning amal qilishini ta’minlashga qaratilgan me’yorlar ham nazarda tutilgan. Shuningdek, yangi tizimga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, avval berilgan pasport, diplom, guvohnoma kabi hujjatlarni faqat alifbo o‘zgargani sababli zudlik bilan almashtirish talab etilmasligi belgilanmoqda.
Bu yondashuv huquqiy barqarorlik va fuqarolar manfaatlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan muhimdir.
Davlat tili siyosatidagi ahamiyati. Alifbo islohoti davlat tilining jamiyatdagi funksional imkoniyatlarini kengaytirish bilan ham uzviy bog‘liq. Yagona va barqaror grafik standart davlat boshqaruvi, rasmiy ish yuritish, ommaviy axborot vositalari, ta’lim va ilmiy kommunikatsiyada yozma tildan bir xil foydalanish uchun zarur shartlardan biridir.
Shu bilan birga, alifboning o‘zgarishi tilning o‘zgarishi degani emas. Alifbo – tilni grafik ifodalash tizimi. Shu sababli islohotning asosiy maqsadi o‘zbek tilining leksik yoki grammatik tabiatini o‘zgartirish emas, balki uning yozma ifodasi uchun yanada qulay, tizimli va zamonaviy grafik vositani shakllantirishdan iborat.
Bibish Jo‘rayeva
Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka
oshirish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, f.f.d. (DSc)