14/11/2025
📍 Ellikkal’a tumani hokimiyati va TDIU hamkorligida kelajakda qilinadigan umumiy rejalar kelishuvga erishildi.
Ellikqal’a tumani hokimiyati va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha kelgusi yil uchun muhim rejalar kelishib olindi. Uchrashuv davomida tomonlar hududning turizm salohiyatini oshirish, yoshlarni sohaga jalb qilish hamda tuman brendini yaratish bo‘yicha bir qator yo‘nalishlarni belgilab oldi.
Kelishuvga ko‘ra, avvalo Ellikqal’a tumanining turizm brendini ishlab chiqish va uni keng targ‘ib qilish rejalashtirilmoqda. Bunda hududdagi arxeologik, madaniy va tabiiy meros obyektlari o‘rganilib, yagona vizual konsepsiya va marketing strategiyasi shakllantiriladi. Tuman salohiyati mahalliy hamda xalqaro platformalarda ham targ‘ib qilinadi.
Shuningdek, kelgusi yildan boshlab tuman maktablarida TDIU professor-o‘qituvchilari tomonidan muntazam seminar-treninglar o‘tkaziladi. Bu orqali o‘quvchilarga turizm sohasidagi zamonaviy kasblar, xizmat ko‘rsatish madaniyati, marketing, hududiy brending va kelajakdagi kar’yera imkoniyatlari haqida amaliy bilim beriladi. Maktab o‘quvchilari bilan birgalikda tuman turizm xaritasini yangilash va takomillashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — yoshlarni turizmga oid innovatsion startap loyihalarga jalb qilishdir. Bunda turli tanlovlar, mentorlik dasturlari, g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘maklar ko‘rsatilib, faol yoshlar uchun grant va loyiha yo‘nalishlari belgilanadi.
Bundan tashqari, Ellikqal’a tumanining turizm infratuzilmasini tahlil qilish, mavjud obyektlarning marketing salohiyatini baholash va xizmat ko‘rsatish standartlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi. TDIU bilan birgalikda hududiy turizm monitoringi yo‘lga qo‘yilishi ham kelishilgan.
Umuman olganda, ushbu hamkorlik Ellikqal’a tumanining turizm sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, yoshlar salohiyatini rivojlantirish va hududni mintaqaviy turizm markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
😎 TDIU Turizm fakulteti