14/09/2021
Orzular ro‘yobi
Bundan bir necha yillar oldin paxta dalasida, hasharda yurib orzu qilardim, qachon biz ham faqat o‘qitish bilan shug‘ullanamiz, qachon media manbalar va interaktiv usullardan foydalanib qiziqarli darslar o‘tar ekanmiz deya. Mana ollohga shukurkim oradan ko‘p o‘tmay orzularimiz ro‘yobga chiqdi.
Ortga qarab o‘tgan besh yillikni sarhisob qilar ekanman, hayotimdagi eng katta burilish nuqtalari bo‘ldi desam adashmayman. Jumladan, 2016-yil “O‘quv yilining eng faol sinf rahbari” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi g‘olibi bo‘lib, viloyat bosqichida faxrli ishtirok qildim, 2017-yil “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida II o‘rinni egalladim. Bir paytlar Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzod bo‘lishim uchun sharoitim bo‘lmagan va yoshim ham o‘tib ketgan edi. Prezidentimiz qarori bilan 2017-yil bu mukofotga nomzodlar yoshi 30 yoshgacha uzaytirildi va ko‘nglimning bir chekkasida armon bo‘lib turgan orzumga erishdim, 2018-yil tanlovning saralash tuman bosqichida “Fan” yo‘nalishi bo‘yicha ishtirok qilib g‘oliblikni qo‘lga kiritdim va viloyat bosqichida yuqori natijalarga erishdim. Shu yili “Yil ayoli-2018” Respublika tanlovida “O‘z kasbining mohir ustasi bo‘lgan yil ayoli” nominatsiyasi viloyat bosqichi g‘olibi bo‘ldim. 2019-yil “Kitobxon o‘qituvchi” tanlovining tuman bosqichida III o‘rinni egalladim. 2020-yil “Ona tili-millatning ruhi” respublika onlayn tanlovida “Eng yaxshi adabiy maqola” yo‘nalishida 2-o‘rinni egalladim. 2020-yil 6-7-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Volontyorlikning 100 yilligi” konferensiyasida faol ishtirok qildim. 2021-yil 26-27-iyun kunlari o‘tkazilgan “Samarqand yoshlari forumi”da 2-o‘rini egallab diplom bilan taqdirlandim.
2019-yil o‘quvchim Z.Ro‘zimatovaning, 2021-yil B.Yusupovaning ilk she’riy to‘plamlari “Xorazm” nashriyotida nashr qilindi. 2019-yil o‘quvchim Z.Ro‘zimatova Ogahiy ijod maktabiga imtiyozli qabul qilindi.
Shu kungacha fan va ta’limga oid 20 ga yaqin ilmiy maqolam bilan respublika konferensiya va anjumanlarida faol ishtirok qildim. Eng quvonarlisi prezidentimiz qarori bilan navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib 8 yillik ish stajimda oliy toifaga ega bo‘ldim.
Maktabimizda o‘quvchilarni oliy ta’limga qamrash o‘tgan yillar 5-10 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bu yil 25 foizni tashkil qildi. Maktabimiz optik tolali internetga ulangan, har bir sinfda televizor mavjud, maktab to‘liq kamera kuzatuvi ostida bo‘lib, bu ish suratini yanada oshiradi. Bu kabi yutuqlarimiz juda ko‘p, bularning barchasi uchun shukrona aytamiz. Yutuqlarimiz bardavom bo‘lsin!
Matniyazova Maftuna Erkaboyevna
Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi
7-son maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi