24/06/2026
“Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi!” shiori ostida yurtimizda iyun oyi – “Yoshlar oyligi” sifatida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan yoshlarning bilim va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilyapti.
Bugun Samarqand davlat chet tillar institutida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida nemis va fransuz tillari fanlaridan “Viloyat hokimi fan olimpiadasi” o‘tkazildi hamda g‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatimizning turli hududlaridan kelgan iqtidorli o‘quvchilar, fidoyi ustozlar hamda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi. Olimpiada davomida o‘quvchilarning nemis va fransuz tillari bo‘yicha nazariy bilimlari, muloqot ko‘nikmalari hamda amaliy kompetensiyalari sinovdan o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand davlat chet tillar instituti rektori B. Xoliqov mazkur olimpiada yoshlarning xorijiy tillarni puxta o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng olimpiada g‘olib va sovrindorlariga diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Samarqand davlat chet tillar instituti Axborot xizmati