04/05/2026
Farg‘ona davlat texnika universitetida navbatdagi Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 7 ta asosiy masala va 30 ga yaqin ilmiy-tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Ilhom Nosirov “Professor” ilmiy unvonini qo‘lga kiritdi, ikki nafar o‘qituvchi “Dotsent” unvoniga sazovor bo‘ldi, 5 nafar ilmiy izlanuvchi PhD ilmiy darajasini himoya qildi. Yig‘ilishda tanlovlar, qonunlardagi ijro, talabalarning akademik qarzdorliklari, abituriyentlarni jalb qilish va boshqa muhim tashkiliy masalalar keng muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, ilmiy kengash a'zolari ishtirok etishdi. Kun tartibidan o‘rin olgan 7 ta muhim masala hamda 30 ga yaqin turli ilmiy va tashkiliy masalalar keng muhokama qilindi.
Yig‘ilish avvalida Ilmiy kengash raisi, professor Rustam Tojiyev universitetda uzoq yillar samarali faoliyat yuritib kelayotgan Ishlab chiqarishda boshqaruv fakulteti dotsenti Abdujabbor Abdurazaqovni muborak 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, universitet rektori, professor R. Tojiyev tomonidan universitetimizda 18 yil davomida sidqidildan mehnat qilgan Xodimlar bo‘limi boshlig‘i Erkinoy Radjabova ko‘p yillik xizmatlari va fidokorona mehnati uchun “Tashakkurnoma” bilan taqdirlandi.
Yig‘ilish davomida ta’lim muassasasida faoliyat olib borayotgan iqtisodiyot fanlari doktori Ilhom Nosirovning “Professor” ilmiy unvonini qo‘lga kiritgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, yana ikki nafar ustozimiz “Dotsent” ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgani bilan tabriklandi. Bundan tashqari, 5 nafar ilmiy izlanuvchining fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgani munosabati bilan samimiy muborakbod etilib, ularning kelgusi ilmiy faoliyatiga ulkan zafarlar tilandi.
Ilmiy kengash yig‘ilishining kun tartibidagi asosiy masalalar quyidagilardan iborat bo‘ldi:
— Pedagog xodimlarni lavozimlarga hamda ilmiy unvonlarga tavsiya etish bo‘yicha tanlovlar masalasi ko‘rib chiqildi (axborotchi: kengash kotibi M. Shaxodjayev).
— O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident farmon va qarorlari hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarning universitetdagi ijrosi tahlil qilindi (axborotchi: bosh yuristkonsult M. Latipov).
— Fakultetlarda o‘quv jarayonining tashkil etilishi, ta’lim sifati, talabalar davomati, mavjud uzilishlar hamda ularning yechimlari yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borildi (axborotchi: Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Z. Abdulxayev).
— Professor-o‘qituvchilar tomonidan davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalarni tayyorlash, himoya qilish va amaliyotga joriy etish ko‘rsatkichlari tahlil etildi (axborotchi: B. Igamberdiyev).
— 2025–2026 o‘quv yili kuzgi semestr yakunlari bo‘yicha talabalar akademik qarzdorliklarini bartaraf etish jarayoni ko‘rib chiqildi (axborotchi: Registrator ofisi boshlig‘i G‘. Mamatisayev).
— 2025–2026 o‘quv yili uchun abituriyentlarni universitetga jalb etish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar rejasi va vazifalar belgilab olindi (axborotchi: F. Mamasoliyeva).
— Universitetda ijro intizomi hamda yo‘riqnoma hujjatlarining bajarilish holati yuzasidan hisobot tinglandi (axborotchi: M. Tojiboyev).
Mazkur masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Ilmiy kengash yig‘ilishida kengash a’zolari faol ishtirok etib, kun tartibidan o‘rin olgan dolzarb ilmiy va tashkiliy masalalar yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borildi.