11/02/2023
Assalomu aleykum! ☺️Keling, bugun sizlarga o’zim haqimda gapirib bersam.
Men Cho’lliyeva Gulchehra Toshpo’lot qizi, 1990-yil Buxoro viloyatida tug’ilganman.
Oilada oxirgi farzandligim uchun yaqinlarimning erkatoyi bo’lib o’sganman. Afsuski, hayot meni erkalatmadi. Taqdirning og’ir zarbalari, ketma-ket yo’qotishlar meni yana kuchli bo’lishimga undadi.
Onajonim va otajonimning (ularni Alloh rahmatiga olsin) iste’dodlari menga o’tgan bo’lsa kerak, qanday ma’lumot berilsa, tez o’rganib olardim. Shu uchunmi maktabda turli fan ustozlarim o’zlarining fanlaridan o’qituvchi bo’lishimni istashar edi. “Senda pedagoglik qobiliyat bor” deyishardi. 8-sinfda o’qib yurgan paytlarim 7-sinflarga ona tilidan yordamchi so’z turkumlarini tushuntirib berganim yodimda.
Ammo hammasidan ko’ra ona tili faniga qiziqishim juda katta edi. Bundan tashqari ona tili ustozimga havas qilardim. Taqdir meni Buxoroda ona tili maktabini yaratgan Yaxshiyeva ustozga uchrashtirdi. Ustozdan 3 yil tahsil olib, Buxoro davlat universiteti Filologiya fakultetiga grant asosida o’qishga qabul qilindim.
Undan keyin magistratura... Ta’limning turli bo’g’inlarida: maktab, litsey, kollej va universitetda ishlash nasib qildi. Hozirda esa Filologiya fakulteti O’zbek tilshunosligi kafedrasi doktorantiman. 🚀
Talabalik vaqtimdanoq repetitorlik qilishni boshlaganman. Bu faoliyatim davomida 1000 dan ortiq abituriyentlarning talaba bo’lishiga sababchi bo’ldim. Hozirda “Pinnacle school” o’quv markazining asoschisiman. ✅
Bu profilimni yuritishimdan maqsad Davlat tilimiz - o’zbek tilini yoshlarimiz orasida keng yoyish, uning go’zalliklari, afzalliklari va o’ziga xosliklarini ko’rsatish. Siz - g’oyibona kuzatuvchilarimga ona tilini targ’ib qilish.🤗
—————————————
Ona tili va Adabiyot hamda Milliy sertifikatga oid foydali ma’lumotlarni bilmoqchi bo’lsangiz profilga obuna bo’ling✔️